Toshkentda akvapark va gullar bog‘i barpo etiladi

Prezident “Texnopark” hududidagi akvapark, Astronomiya parki hududidagi gullar bog‘i va “Yangi O‘zbekiston” universiteti qurilishi loyihalari bilan tanishdi.
Sputnik
TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Toshkentning Yashnobod tumanidagi “Texnopark” hududida akvapark barpo etish rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev uning loyihasi bilan tanishdi.

“Buning uchun hozirda foydalanilmay turgan bino bilan birga 4,5 gektar yer mo‘ljallangan. Majmua to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi evaziga barpo etiladi. Bu yerda ochiq va yopiq suv havzalari, attraksionlar, tamaddixona, o‘yin maydonchalari bo‘ladi”, - deyilgan davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, prezidentga Yunusobod tumanidagi Astronomiya parki hududida barpo etiladigan gullar bog‘i loyihasi taqdim etildi. Ta’kidlanishicha, bu joy aholining madaniy dam olishi, poytaxt ekologiyasi yaxshilanishi uchun yana bir omil bo‘ladi.
Yana bir loyiha kelgusida davlat muzeylarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra, binolarning arxitekturasi va tarixiy qiymatini saqlab qolgan holda ichki sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy texnikalar bilan jihozlash rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, jahondagi mashhur muzeylar tajribasi asosida eksponatlarning ko‘rimliligini oshirish, tarixiy ashyolarni bezarar saqlash, keluvchilarga qulayliklar yaratish bo‘yicha hamma jihatlar inobatga olingan.
Bundan tashqari, davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” universiteti qurilishi loyihasining amalga oshirilishi bilan tanishdi.
Universitet uchun poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘yida 30 gektar yer ajratilgan. Majmua loyihasi Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, bu yerda 5 ta fakultet uchun o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport saroyi va stadion barpo etiladi.
Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud ta’limga ixtisoslashgan yaxlit majmua bo‘ladi.
Mirziyoyev majmuani sifatli qurish, o‘quv binolarida buyuk o‘zbek allomalari siymosi va merosini aks ettirish, yoshlarning o‘qishi va harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.