TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Prezident qaroriga muvofiq, Qashqadaryo viloyati tarkibida Ko‘kdala tumani tashkil etildi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Xurram Jo‘rayev tashkil etilgan Ko‘kdala tumaniga hokim etib tayinlangan. Jo‘rayev 2019-yilning noyabr oyidan Chiroqchi tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgan edi.
Nodir Erkayev Chiroqchi tumani hokimi lavozimiga tasdiqlangan. U Qashqadaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.
17 mart kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida senatorlar Chiroqchi tumanining chegaralarini o‘zgartirish va Ko‘kdala tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishgan edi. Chiroqchi tumanida istiqomat qilayotgan 420 ming nafar aholining 176,3 ming nafari, ya’ni 32 ta mahallada yashayotgan qismini Ko‘kdala tumani tarkibiga o‘tkazish rejalashtirilgan edi.