TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda qator amaldorlar lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, hokim yordamchilari uch oy davomida 35,3 million aholi yashaydigan 6 million 900 ming xonadonni to‘liq xatlovdan o‘tkazishgan va ularni 4 ta toifaga ajratishgan. Bular 11 foizi – kam daromadli; 47 foizi – doimiy daromadi bo‘lgani bilan qo‘shimcha daromadga ehtiyoji bor; 6 foizi – ijtimoiy himoyaga muhtoj; 36 foizi – iqtisodiy ahvoli yaxshi, o‘ziga to‘q oilalar hisoblanadi.
Ya’ni, yangi tizim orqali har bir hokim, uning iqtisod bo‘yicha 1-o‘rinbosari va hokim yordamchilari aholining 64 foizi bilan manzilli ishlash kerakligini bilib oldilar.
Bu borada, joylardagi mutasaddi rahbarlar va hokim yordamchilari birinchi va ikkinchi toifadagi xonadonlar bilan ishlab, 3 oyda 736 ming nafar fuqaroning bandligini ta’minladi hamda 54 ming nafar fuqarolarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitdi.
Yig‘ilishda tizimdagi oqsoqliklar qat’iy tanqid qilindi.
“Hali 40 foiz mahallada hokim yordamchilarining ishida natija ko‘ringani yo‘q. Misol uchun, 450 ta mahallada ishsizlik darajasi 20 foizdan yuqori. Bunday mahallalar soni Toshkent viloyatida – 59 ta, Farg‘onada – 52 ta, Andijonda – 45 tani tashkil etib, qolgan hududlardan ko‘p”, - dedi prezident.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimi, birinchi o‘rinbosari va soliq boshlig‘i qat’iy ogohlantirildi. Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimlari birinchi o‘rinbosarlari lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.
Shuningdek:
- Oltinko‘l tumani, Zarafshon shahri hokimlari;
- Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Kosonsoy, Nishon, Izboskan, Qo‘rg‘ontepa, Shovot, To‘rtko‘l, Tomdi, To‘raqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Farg‘ona tumanlari, Navoiy, Kattaqo‘rg‘on shaharlari hokimlarining 1-o‘rinbosarlari;
- Karmana, Forish tumanlari prokurorlari;
- Yangiyer, Shahrisabz shaharlari, Forish tumani IIB boshliqlari;
- Nurota, Muzrabot, Shahrisabz, Mirzacho‘l tumanlari soliq boshliqlari;
- respublikadan 11 nafar vakil lavozimidan ozod etildi.
“Mahallada tizim va sharoit yaratganimiz, albatta, qaysi tuman va shahar rahbarlari fidoyi bo‘lib ishlagan bo‘lsa, natija berapti”, - dedi davlat rahbari.
Barcha infratuzilmasi va moliyaviy imkoniyatlari mavjud bo‘la turib, respublika bo‘yicha 12 ta shahar hamda Toshkent viloyati, Toshkent shahri va Samarqandning 2 tadan tumanidagi aksariyat hokim yordamchilarining faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan Nukus, Andijon, Buxoro, Samarqand, Termiz, Guliston, Farg‘ona, Marg‘ilon, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod shaharlari, Uchtepa, Mirzo Ulug‘bek, Toshkent, Qibray, Bo‘stonliq va Urgut tumanlari hokimlarining birinchi o‘rinbosarlarini ham ishdan olishga ko‘rsatma berildi.
O‘tgan 3 oy ichida har bir mahallaning ixtisoslashuvi aniqlab olingani, endi ushbu mahallalarni ixtisoslashuvi bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilishi qayd etildi.
Eng yaxshi natija ko‘rsatgan 14 nafar hokim yordamchilarini mukofotlash, ijobiy natijaga erishgan 2 ming 943 nafar hokim yordamchilariga tashakkurnoma yuborish topshirildi. Ijobiy natija ko‘rsatgan hokim yordamchilari va respublika vakillari “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoniga munosib nomzodlar zaxirasi ekani ko‘rsatib o‘tildi.