TOShKENT, 19 apr — Sputnik. O‘zbekiston global innovatsion indeksda 2030-yilgacha eng rivojlangan 50 ta mamlakat qatoriga kirish uchun juda yaqin turibdi. Bu haqda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi Milliy siyosati (2022-2030 yy.)” loyihasining taqdimotida ma’lum qildi.
Mazkur hujjat 2030-yilgacha fan, texnologiya va innovatsiya sohasidagi maqsadlarga erishish, shu jumladan COVID-19 pandemiyasi inqirozidan so‘ng mamlakatni muvaffaqiyatli tiklash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning inklyuziv, adolatli va barqaror shart-sharoitlarini yaxshilash uchun fan, texnologiya va innovatsiyadan foydalanish bo‘yicha yo‘nalishlar va ustuvor vazifalarni belgilab beradi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini o‘zgartirish hamda inklyuziv va barqaror rivojlanishga erishish uchun ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalarga sarmoya kiritish tarafdoridir.
“Asosiy urg‘uni biz mamlakatda innovatsion ekotizimni shakillantirishga qaratmoqdamiz. Bunda asosiy yo‘nalishlardan biri albatta, ilmiy tadqiqotchilarga judayam katta shart–sharoit yaratishimiz shart va bu har qanday strategiyamiz, milliy siyosatimizning ham asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Ilmiy tadqiqotchilarimiz soni xali mingtaga ham yetmaydi. Rivojlangan mamlakatlarda bu son 4 mingga yaqin. Biz ham mana shunday katta ekotizimni shakillantirishimiz kerak bo‘ladi”, deydi vazir.
Innovatsion ekotizimnining asosiy bo‘g‘ini ta’lim tizimi bo‘lib, bitiruvchi yoshlar uchun 2030-yilgacha kamida 45 ming ishchi o‘rinlarni yaratish asosiy vazifa bo‘lib turibdi.
Iqtisodiyotni rivojlatiradigan eng katta drayver sifatida ham innovatsiyalar, ishchi o‘rin yaratish tamoyillari ham hujjatda belgilab berilmoqda.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyoda 50-yillik uzoqni ko‘zlagan strategik maqsadlar qo‘yilayotgan bir paytda mana shunday xalqaro hamkorliklar orqali, ekspertlarning fikrlarini inobatga olgan holada shunday milliy siyosatning bo‘g‘inlarini belgilab berilishi ishlarlarning boshlanishi hisoblanadi.
Ushbu tadbir YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.