Toshkentda eng yaxshi YPX xodimlari qimmatbaho mashina bilan taqdirlanadi

Jahongir Ortiqxo‘jayev xushmuomala YPX xodimlariga "Lacetti", "Nexia", "Spark" sovg‘a qilinishini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev YPX xodimlari uchun "Eng yaxshi yo‘l harakati xavfsizligi xodimi" tanlovini o‘tkazishni taklif qildi.
Birinchi o‘rinni olgan xodimga “Lacetti”, ikkinchi o‘ringa “Nexia”, uchinchi o‘ringa esa “Spark” beriladi. Mashinalarni homiylar bergan.
Tanlov Mustaqillik kuni bayrami arafasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Xodimlar faoliyatini haydovchilar baholaydi. Ular ovoz berishi yo‘li bilan eng yaxshi yo‘l harakati xavfsizligi xodimini aniqlaydilar.
Shuningdek, shahar hokimi YPX xodimlarini haydovchilar bilan xushmuomala bo‘lishga chaqirdi.
“Shaharda yildan yilga avtomobillar soni ortib bormoqda. Buning natijasida tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Bularni bir vaqtning o‘zida bartaraf etish qiyin. YPX xodimlarini mehnati poytaxtda eng og‘ir mehnatlardan bittasi. 3,5 million aholi istiqomad qiladigan shaharda YPX xodimi bo‘lish og‘ir”, - deydi hokim.
Hokim har oy bir marotaba YPX xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazish rejasi borligini ma’lum qildi.