Qizini ayiq qafasiga tashlagan ayol ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanadi

Hayvonot bog‘ida yuz bergan voqea yuzasidan sud jarayoni o‘z nihoyasiga yetdi. Sud ayolni qilmishni aqli noraso holatda sodir etgan deb topdi.
Sputnik
TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Sud qarori bilan o‘z qizini ayiqlar volyeriga tashlab yuborgan ayol Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklari shifoxonasida majburiy davolanadi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar bermoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi yanvar oyida Toshkent hayvonot bog‘ida yuz bergan voqea bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan sud jarayonini yakunlagan. Z.T. Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan.
Sud Z.T.ni ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso holatda sodir etgan deb topgan. Uning Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklari shifoxonasida majburiy davolanishi belgilangan.
Avvalroq Bosh prokuratura qizini ayiq oldiga tashlagan ayol ishini tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash masalasini hal etishlik uchun sudga yuborgani xabar qilingan edi. Sudga oid psixiatriya va psixologiya kompleks ekspertizalari xulosalariga ko‘ra, ayol umrbod ruhiy hastalik bilan betoblanib kelgan.