TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Parijdagi Fransiya radiosining Festivallar zalida (La Maison de la Radio) o‘zbekistonlik, Strasburg filarmoniya orkestri rahbari Aziz Shohakimovning Fransiya Milliy orkestri ishtirokidagi konserti namoyish etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
“Orkestr P.Chaykovskiyning 4-simfoniyasi, N.Rimskiy–Korsakovning "Ispancha kaprichchio"si va fransuz kompozitori M.Ravelning fortepiano uchun konsertini ijro etdi”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, konsert dasturini mingdan ziyod musiqa ixlosmandi tinglagan, shuningdek, u "France Musique" kanali orqali jonli tarzda efirga uzatilgan.
Aziz Shohakimov V.Uspenskiy nomidagi musiqa maktabini tamomlagan. 13 yoshida u ilk bor O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri bilan Betxovenning beshinchi simfoniyasi va F.Listning fortepiano uchun birinchi konsertiga, 14 yoshida esa O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida "Karmen" operasiga dirijorlik qilgan.
2001 yilda O‘zbekiston Milliy simfonik orkestrining dirijor yordamchisi etib tayinlangan, 2006-yilda esa ushbu jamoaga rahbarlik qila boshlagan. Shuningdek, u Tekfen (Turkiya) filarmoniya orkestri musiqiy rahbari va Juzeppe Verdi nomidagi Milan (Italiya) simfonik orkestrining asosiy taklif etilgan dirijori hisoblanadi. 2021-yildan boshlab Strasburg filarmoniya orkestrining musiqiy direktori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.