Surxondaryoda sog‘lomlashtirish aksiyasi boshlandi

Sayyor tibbiy qabulga sog‘ligida muammosi bor bemorlar dastlab tibbiy ro‘yxatga olinib, elektron tarzda tor soha mutaxassislari ko‘rigiga yo‘naltirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 17 apr — Sputnik. Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Sohil” bolalar oromgohida tibbiy sayyor qabullar boshlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Vazirlik markaziy apparati jamoasi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va shifokorlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari hamda mahalliy mutaxassislar, jami 200 nafardan iborat maxsus guruh aholini qabul qilmoqda.
Viloyatda bo‘lib o‘tayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi tibbiyot sohasidagi muammo va kamchiliklarni samarali bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan.
Aksiya Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida bo‘lgani kabi Surxondaryoda ham ikki bosqichda o‘tkazilyapti. Birinchi bosqichda poytaxtdan kelgan mutaxassislar guruhlar kesimida viloyatning har bir shahar va tumaniga taqsimlanib, joylarda “xonadonbay” tamoyili asosida aholi salomatligi, ularni qiynayotgan tibbiyotga doir muammolarni o‘rganmoqda.
Qaysi hududda qanday kasalliklar ko‘p tarqalgan bo‘lsa, shunga ko‘ra, joylarga aynan shu yo‘nalishdagi ixtisoslashtirilgan markazlar shifokorlari biriktirilyapti.
Ikkinchi bosqichda vazirlikning maxsus guruhi tomonidan hududlardagi o‘rganish natijalari yakunlariga ko‘ra Termiz shahri va viloyatning qator tumanlarida sayyor tibbiy qabullar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Sayyor tibbiy qabulga sog‘lig‘ida muammosi bor bemorlar dastlab tibbiy ro‘yxatga olinib, elektron tarzda tor soha mutaxassislari ko‘rigiga yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, bemor tibbiy yordamga muhtojlik darajasiga ko‘ra tasniflanib, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi tuman, viloyat va respublika miqyosida belgilab olinyapti. Yuqori texnologik amaliyotlar talab etiladiganlarga esa shu yerning o‘zida order rasmiylashtirilmoqda.
Sayyor qabul davomida tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarni davolash jarayoniga yo‘naltirish bilan birga, tuman tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, dori-darmonga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, faoliyatiga doir muammolarni hal etish, sohani tajribali va kreativ fikrlovchi yosh mutaxassislar bilan ta’minlash masalalari ham kompleks tahlil qilinib, amaliy yechimlar belgilanyapti.
Shuningdek, yangi oilaviy poliklinikalar va shifokor punktlarini tashkil etish, birlamchi tibbiyot muassasalarida kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20-00ga qadar uzaytirish, olis va chekka hududlarda konteyner shaklidagi tibbiy punktlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tez tibbiy yordam xizmatini maqbullashtirish bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, shu kunlarda og‘ir kasallikka chalingan, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga muhtoj surxondaryolik bemorlarda davlat hisobidan operatsiyalar boshlab yuborilgan.
1 / 4
2 / 4
3 / 4
4 / 4