TOShKENT, 17 apr — Sputnik. Shimoliy Koreya harbiylari 16-aprel kuni ikkita snaradni sinovdan o‘tkazishdi. Raketalar Yapon dengizi yo‘nalishida uchirildi. Bu haqda Yonhap nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, raketalar 25 kilometrgacha bo‘lgan balandlikda uchib, 110 kilometr masofani bosib o‘tgan, maksimal tezlik esa 4 Max’ga (4900 km/soat) chiqqan.
Shimoliy Koreya Markaziy telegraf agentligi mamlakat yetakchisi Kim Chen In yangi taktik boshqariladigan qurollar sinovini shaxsan kuzatib turganini xabar qildi. Sinov muvaffaqiyatli o‘tgani aytilmoqda.
Bundan tashqari, agentlik hisobotida aytilishicha, Kim Chen In mamlakatning mudofaa qobiliyati va yadroviy jangovar salohiyatini yanada oshirishga oid muhim ko‘rsatmalar bergan.