Vaksinatsiyaning bir yilligi natijalari

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinatsiya jarayonlari boshlanganiga bir yildan oshdi. O‘tgan davr mobaynida salkam 50 mln. doza vaksina qo‘llanildi.
Sputnik
TOShKENT, 15 apr - Sputnik. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash jarayoni bundan bir yil oldin aprel oyida boshlangan edi. O‘tgan davr mobaynida koronavirus vahimasi deyarli unutildi.
Koronavirusga qarshi vaksinalar dunyo bo‘yicha taqchil bo‘lgan va ishlab chiqaruvchi davlatlarning o‘zidan ortmayotgan bir sharoitda O‘zbekistonda emlash jarayonlari yo‘lga qo‘yilishi katta ahamiyatga ega voqea bo‘ldi, deb xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
O‘tgan bir yil davomida O‘zbekistonga olib kelingan va ishlab chiqarilgan vaksinalar miqdori 63 578 553 dozaga yetdi. Ulardan 42,2 mln. dozasi chet davlatlardan olib kelindi va 21,4 mln. dozasi O‘zbekistonda ishlab chiqarildi.
O‘tgan bir yil davomida deyarli 50 million doza vaksina emlash jarayonlarida qo‘llanildi:
2 443 760 doza AstraZeneca,
36 489 207 doza ZF-UZ-VAC2001,
1 339 649 doza Sputnik V,
4 598 185 doza Moderna,
2 784 717 doza Pfizer/BioNTech,
1 849 818 doza Sinovac,
286 072 doza Sputnik Light.
O‘tgan fursat mobaynida O‘zbekiston aholisining 16 210 400 nafari koronavirusga qarshi to‘liq emlandi. Ayni paytda o‘rta hisobda kuniga 100 ming dozadan ortiq vaksina emlash uchun sarflanmoqda.
Undan tashqari, O‘zbekistonda 2021-yil 28-sentabrdan boshlab 12-18 yoshli bolalarni ixtiyoriy tarzda emlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, birinchi doza bilan emlangan bolalar soni 670 420 nafarni tashkil etgan.
Aytish joizki, O‘zbekistonga yetarli miqdorda vaksina olib kelishda COVAX dasturining ham ahamiyati beqiyos bo‘ldi, chunki O‘zbekistonga olib kelingan vaksinalarning ilk partiyasi ham eng katta miqdori ham - shu dastur doirasida amalga oshirilgan.