TOShKENT, 15 apr — Sputnik. Qonunchilikda barcha hujjat loyihalari jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilishi shartligi haqida talab yo‘q. Hujjat loyihalari regulation.gov.uz portalidan tashqari, tashkilotlarning rasmiy veb-sahifalari va jamoatchilik.uz portaliga ham joylab borilishi lozim. Bu haqida Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Shu kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda endilikda barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmaydi, degan mazmunda xabar tarqaldi va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Vazirlik ma’lum qilishicha, normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini regulation.gov.uz portaliga jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish O‘RQ-682 (20.04.2021) qonuni bilan belgilangan.
Prezidentining 2021-yil 15-martdagi qaroriga ko‘ra quyidagi hollarda loyihalar jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmaydi:
favqulodda vaziyatlar, yuqumli va parazitar kasalliklarga qaratilgan loyihalar;
yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni nazarda tutuvchi loyihalar;
tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishni nazarda tutmaydigan loyihalar.
Aytish joizki, qonun loyihalarning jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish xorijiy davlatlarning tajribasida ham keng qo‘llanilmoqda. Belorussiya va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxati belgilab berilgan.
Shu bilan birga, qonun normalari ijodkorligi nuqtayi nazaridan pishiq bo‘lmagan loyihalarning portalga joylanishi keng jamoatchilikda norozilik kayifatlari keltirib chiqarishi mumkin, deyiladi xabarda.