TOShKENT, 15 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida 15 bo‘lib o‘tayotgan majlisda sug‘oriladigan yerlarni suv bilan ta’minlash muammosiga e’tibor qaratildi.
Aholi tomorqalarida eng katta muammo – suv ta’minoti bo‘layotgani qayd etildi.
"Misol uchun, Qashqadaryodagi 65 ming gektar tomorqadan 24 ming gektarida suv muammo. Buning sababi – tuman hokimlari suv tarmoqlarini tiklash, quduqlar qazish, ariq va zovurlarni tozalash ishlarini vaqtida lozim darajada bajarmagan”, - dedi davlat rahbari.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga:
ekin turlari joylashuvidan kelib chiqib, aholi tomorqalarini sug‘orish uchun 4 milliard kub metr suvni taqsimlash;
har bir mahalla kesimida ariq ochish, tozalash, tarmoqlarni tiklash bo‘yicha grafikni tasdiqlab, ishlarni boshlash topshirildi.
Bu ishlar uchun respublika budjetidan 50 milliard so‘m, mahalliy budjetlardan yana 50 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, Qo‘shrabot, Nurobod, Konimex, Peshku, Chiroqchi, Jarqo‘rg‘on, Boysun, Ohangaron, G‘allaorol, Farg‘ona kabi tumanlarida suv ta’minoti og‘ir mahallalarda quduq qazish va nasos o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplashga budjetdan 50 milliard so‘m ajratiladi.
Prezident suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha bir hafta muddatda alohida dastur qabul qilinishini ma’lum qildi.
Suv xo‘jaligi vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga 1-oktabrga qadar:
4,5 ming kilometr sug‘orish tarmoqlarini tozalash va 231 kilometrini betonlash;
3 mingta gidrotexnik inshootni ta’mirlash;
3,5 mingta nasos o‘rnatish, 490 kilometr nasos quvurlarini ta’mirlash va 281 ta quduq qazishni ta’minlash topshirildi.
Ushbu maqsadlar uchun 300 milliard so‘m mablag‘ bosqichma-bosqich ajratiladi.