“O‘zbektelekom” transformatsiya qilinadi - prezident

O‘zbekiston axborot tizimlariga 2022-yilning birinchi choragida chet eldan 200-martadan ortiq kiberhujum uyushtirilgan, dedi prezident.
Sputnik
TOShKENT, 15 apr – Sputnik. “O‘zbektelekom” AJ transformatsiya qilinadi. Bu haqida Shavkat Mirziyov huzurida bo‘lib o‘tgan AKT masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi.
“O‘zbektelekom” AJ - jahonning nufuzli aloqa kompaniyalariga o‘xshab, davlatga yuqori daromad keltiruvchi, sifatli xizmatlarni eksport qiluvchi, yuqori texnologik, daromadli va namunali kompaniya bo‘lishi kerak”, - dedi prezident.
Buning uchun, kompaniyaning operatsion xarajatlari va tannarxini 15 %, qisqartirish, iyul oyida xalqaro reyting olishini ta’minlash va kelgusi yil martda kompaniyani IPOga chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, yig‘ilishda hozirgi murakkab vaziyatda kiberxavfsizlik masalasiga e’tiborni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, 2022-yilning birinchi choragida axborot tizimlariga chetdan 200 tadan ortiq kiberhujum uyushtirilgani aytib o‘tildi.
“Shuning uchun bugun kiberxavfsizlik to‘g‘risida Qonunni imzoladim. Bu yangi qonun hozirgi zamon tahdidlariga qarshi kurashish uchun huquqiy asos bo‘ladi”, -dedi Prezident.
Yig‘ilishda barcha vazirlik va idoralar axborot tizimlarining xavfsizlik darajasini o‘rganishga ko‘rsatma berildi. Axborot xavfsizligiga e’tiborsiz bo‘layotgan rahbarlar mas’uliyati ko‘rib boriladi.
AKT sohasi ilm-fan va ta’limni rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligi, bugungi kunda iqtisodiyotni raqamlashtirish uchun kamida yana 12 ming nafar yuqori malakali mutaxassislarga talab borligi ta’kidlandi. AKT vazirligiga ikki oy muddatda Axborot texnologiyalari universitetini tayanch ilm-fan va ta’lim klasteriga aylantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.