Jismoniy shaxslar ham bankrot deb topilishi mumkin

Sud qaror chiqarmagunga qadar undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi
Sputnik
TOShKENT, 15 apr — Sputnik. Endilikda fuqaro o‘z qarzini vaqtida to‘lay olmasa uning o‘zi yoki kreditor sudga ariza bilan murojaat etishi mumkin. Bunda qarzdorga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atiladi. Bu haqda "Huquqiy axborot" Telegram kanali xabar bermoqda.
Prezident “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi (O‘RQ–763-son, 12.04.2022 y.). Ushbu Qonun bilan jismoniy shaxslarni ham bankrot deb topishmumkinligi belgilandi. Ilgari qonunchilikda bunday tartib-taomillar bo‘lmagan. To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni sud ko‘rib chiqadi.
To‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari quyidagilardan iborat:
vaqtincha to‘lovga qobiliyatsizlik – majburiyatni 3 oyda bajara olmaslik (shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonalar tomonidan esa 6 oy ichida bajarolmaslik);
doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik – sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketishi.
Bunday alomatlar aniqlansa davlat soliq xizmati, davlat statistika organlari vakolatli davlat organiga ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan korxonalar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
To‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qo‘llanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini kreditorlar yig‘ilishi yoki kreditorlar qo‘mitasi himoya qiladi.
Ish ko‘zg‘atmoqchi bo‘lgan taraf sud ishi uchun oldindan pul to‘laydi
Fuqaroga nisbatan ish qo‘zg‘atish haqida sudga ariza bergan arizachi moliyaviy boshqaruvchiga haq to‘lash uchun sudning depozit hisobvarag‘iga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 7 baravari miqdorida oldindan pul mablag‘lari o‘tkazadi.
To‘lovga qobiliyatsizlikning soddalashtirilgan tartibi qo‘llanilganda, agar qarzdor bilan boshqacha kelishuv belgilangan bo‘lmasa, sud boshqaruvchisiga haq to‘lash xarajatlarining o‘rni qarzdorga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida ariza bergan arizachi tomonidan qoplanadi.
Bunda ham huddi shu miqdorda oldindan to‘lov amalga oshiriladi. Sud boshqaruvchisiga haq har bir yakunlangan ishi uchun to‘lanadi.
Qarzdorga davlat tomonidan yordam ko‘rsatiladi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakolatli davlat organidir.
Qarzdorni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish 12 oydan 24 oygacha muddatga joriy etiladi. Sudgacha sanatsiya qilish tartib-taomili uning samarasizligi aniqlanganligi munosabati bilan bekor qilinishi mumkin.
Ariza ish yuritishga qabul qilinganligi to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran 2 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda sud majlisida ko‘rib chiqilishi kerak. Bu ish alohida hollarda 1 oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud hujjatlari darhol ijro etilishi lozim.
Sudning qarori chiqmagunga qadar (jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi ajrimi yoki jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib taomilini boshlash to‘g‘risidagi) undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Fuqaroning mulkiy holati yaxshilangan taqdirda, kreditorlar yig‘ilishi jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Ushbu Qonun kuchga kirishi bilan 1994-yil 5-maydagi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonun o‘z kuchini yo‘qotadi.