TOShKENT, 14 apr - Sputnik. Prezident huzurida AKT va boshqa qator vazirliklar ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan majlisda - Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni mintaqaviy IT markaziga aylantirish vazifasini qo‘ydi.
Buning uchun:
IT eksportini yil yakuniga qadar kamida 100 million dollarga yetkazish;
ichki IT xizmatlari hajmini yiliga kamida 50 foizga o‘sishini ta’minlash;
yil oxiriga qadar 6 ta hududda (Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Sirdaryo, Farg‘ona, Namangan) ham IT-parklarni to‘liq ishga tushirish va malakali kadrlar ta’minlash;
qolgan hududlarda kamida 20 tadan kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish va 5 ming nafar yoshlarni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash.
jahon IT bozoriga chiqqan kamida 30 ta yirik kompaniyalarni O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
“Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni "drayver" sohaga aylantirib, IT xizmatlarini 2,5 barobar oshirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish bo‘yicha katta-katta maqsadlarni qo‘ydik.
Bir narsani aniq tushunish kerak. Ushbu soha rivojlanmasa, boshqa biror bir tarmoq oldinga yurmaydi”, dedi davlatimiz rahbari.
Sohada yechimini kutayotgan muammolar va ishga solinmagan imkoniyatlar hali ko‘p, deyilgan xabarda.
Jumladan: - hududlarning optik tolali internet bilan qamrab olish darajasi past - 72 %, olis qishloqlarga aloqa tizimi va internet umuman yetib bormagan. Shuningdek, magistral avtomobil yo‘llarning atigi 38 % mobil internet bilan qamrab olingan.
Umuman, hududlarda internet sifati va tezligi pastligicha qolmoqda, - dedi prezident.
Bundan tashqari, hududlarda IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar bir maromda emas. IT xizmatlarining 90 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Eng og‘ir holat Qoraqalpog‘iston, Andijon va Surxondaryoda.
Ikki oy muddatda xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda amaliy loyihalar orqali 1 ming nafar yoshlarning IT-parklarda malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yil boshidan xorijdan 3 mingga yaqin IT mutaxassislar kelgan bo‘lib, ularning asosiy qismi shu yerda uzoq muddat qolib ishlashni reja qilganligi ta’kidlandi.
Yil oxiriga qadar davlat xizmatidan onlayn foydalanuvchilar soni hozirgi 1,5 milliondan kamida 4 millionga yetkaziladi.