O‘zbekiston ikki davlatdan beda urug‘ini olib kirishni vaqtincha taqiqladi

Zarpechak bilan kuchli zararlangan beda urug‘lari har ikki davlatga qaytarilgan va ularga e’tiroznomalar jo‘natilgan.
Sputnik
TOShKENT, 14 apr — Sputnik. O‘zbekiston Afg‘oniston va Tojikistondan beda urug‘ini olib kirishni vaqtincha taqiqladi. Bu davlatlardan olib kelingan urug‘ tarkibida zarpechak begona o‘ti aniqlangan. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar bermoqda.
Samarqand viloyatidagi “Samarqand” TIF maskani orqali Afg‘onistondan import bo‘lib kirib kelgan 24 tonna beda urug‘ini O‘KChM (O‘simliklar karantini chegara maskanlari) inspektorlari karantin ko‘rigidan o‘tkazishgan. Urug‘dan namunalari ekspertiza uchun Markaziy fitosanitariya laboratoriyasiga yuborilgan.
"O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Markaziy fitosanitariya laboratoriyasining xulosasiga ko‘ra, beda urug‘i karantin obyekti hisoblangan zarpechak bilan kuchli zararlanganligi aniqlandi”, - deyiladi xabarda.
Shundan so‘ng, 24 tonna beda urug‘i Afg‘onistonga qaytarib yuborilgan.
Shunga o‘xshash vaziyat Farg‘ona viloyatining “Qo‘qon” TIF maskanida kuzatilgan. Qo‘shni Tojikistondan kirib kelgan 77,95 tonna beda urug‘i zarpechak begona o‘ti bilan zararlanganligi aniqlangan.
Yuqoridagi ikkita holat yuzasidan har ikki davlatga e’tiroznomalar jo‘natilgan va o‘simlikning tarqalish xavfini oldini olish maqsadida Afg‘oniston va Tojikistondan beda urug‘ini respublika hududiga olib kirishga vaqtinchalik taqiq o‘rnatilgan.
Endi xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga olib kirilishi rejalashtirilayotgan beda urug‘i mahsulotlariga nisbatan qat’iy nazorat ishlarini tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun, beda yer unumdorligini oshirish va ozuqa bazasini yaratishda asosiy ekin hisoblanadi. Uch yil davomida bir gektar maydonda 600-900 kg sof azot to‘playdi. Bahorgi beda ekish uchun yer kuzda kamida 15-20 sm chuqurlikda yumshatiladi.
Zarpechak qishloq xo‘jalik ekinlariga juda katta zarar keltiradi. Ular barcha o‘t-o‘simliklar, daraxtlar, butasimonlarni zararlaydi. Beda, zig‘ir, maxsar, lavlagi, sabzi, piyoz kabi oziq-ovqat va chorvabop ekinlar rivojiga to‘sqinlik qiladi.
Zarpechak bilan zararlangan o‘simliklar kasallik va zarurkunandalarga chidamsiz bo‘lib qoladi. Bundan tashqari zarpechakning ayrim turlari o‘simliklarda virusli kasalliklarni ham tarqatadi.