Ortiqxo‘jayev: 10 kunda Toshkentda birorta ham chuqur qolmasligi kerak

Toshkent hokimi mas’ullarga 10 kun muddatda Toshkentdagi asosiy yo‘llarni ta’mirlash topshirig‘ini berdi.
Sputnik
TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev shahardagi asosiy ko‘chalarda yuzaga kelgan barcha chuqurlarni 10 kun ichida bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi.
“Oxirgi 50-60 yilda Toshkent shahar bunday yog‘ingarchilikni ko‘rmagan edi. Yog‘ingarchilikdan keyin asfaltlarimiz shaharda o‘zining yaqqol qiyofasini ko‘rsatdi, katta chuqurlar paydo bo‘ldi. Fuqarolarimizning e’tiroziga sabab bo‘lyapti, o‘zingizlar ham ko‘rib turibsizlar”, – dedi Ortiqxo‘jayev yo‘llarni ta’mirlash yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda.
U hokimlik huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Umarovga 10 kun ichidagi Toshkent ko‘chalaridagi barcha chuqurlarni bartaraf etishni topshirdi.
“10 kun muhlatda tuman hokimlari, barcha kerakli boshqarmalar bilan birlashib, butun shahradagi mavjud bo‘lgan barcha xususiy va o‘z boshqarmangizga tegishli texnikalarning hammasini jalb qilasiz. 10 kun sizga muhlat. Shaharda mavjud bo‘lgan asosiy katta ko‘chalarni 10 kun ichida to‘liq ta’mirlashingiz kerak”, - deya hokim mutasaddilarga aniq vazifalarni topshirdi.
Hokim agar muddat 10 kundan o‘tib ketsa kechirilmasligi va sifatsiz yo‘l qabul qilinmasligini urg‘uladi. Prokurorlar hamma ishni nazorat qilib, mablag‘larning to‘g‘ri sarflanishi va yo‘llar sifatini tekshiradi.
Ortiqxo‘jayev shahar fuqarolaridan katta ko‘chalarda paydo bo‘lgan chuqurlar haqida “Xalq nazorati” portaliga orqali rasm yuborib, xabar berishni so‘radi.