TOShKENT, 14 apr - Sputnik. AOKAda 13-aprel kuni "Assalom, Navro‘z — yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!" tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
"Tanlovda 715 nafar qatnashchidan jami 2998 ta ijodiy ish kelib tushdi. Yoshlarning Navro‘z haqidagi tasavvurlarini fotosurat, videorolik, she’r orqali aks ettirishga ishtiyoqi baland ekani namoyon bo‘ldi. Kelasi yili ham, umuman, an’anaviy tarzda shu tanlovni o‘tkazishni yo‘lga qo‘yamiz", — dedi Agentlik direktori A.Xodjayev.
Tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlari millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida xalqimiz hayotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ochib berish va boshqa belgilangan talablarga qarab baholandi.
Hakamlar tanloa shartlariga javob beradigan 513 ta ijodiy ishlar orasidan:
"Eng yaxshi ijtimoiy rolik" nominatsiyasi bo‘yicha 3 ta ishtirokchi;
"Eng yaxshi she’r ijrosi" (videomaterial shaklida) 4 ta ishtirokchi;
"Eng yaxshi fotosuratlar" nominatsiyasi bo‘yicha 4 ta ishtirokchining materiallari mukofotga munosib deb topildi.
G‘oliblarga maxsus sertifikatlar va 5 milliondan 20 milliongacha pul mukofotlari topshirildi.
Tadbirda AOKA direktori Asadjon Xodjayev, EOAVMA rahbari Sherzodxon Qudratxo‘ja, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, tashkiliy qo‘mita va hakamlar hay’ati a’zolari, jurnalistlar ishtirok etdi.