O‘zganing yeridan foydalanish borasida huquqiy munosabatlar belgilandi

Birovning yeridan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) munosabatlar takomillashtiriladi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yerni hokimlar ajratadi
Sputnik
TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer ajratishning tartiblari joriy etildi. Bu bo‘yicha prezidentning PQ–204-son qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" Telegram kanali xabar bermoqda.
Qaror bilan Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer uchastkalarini ajratish tartibini takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. “Yo‘l xarita” doirasida o‘zganing yeridan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) instituti yanada rivojlantiriladi.
Doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan yerdan foydalanish sohasidagi huquqiy munosabatlar takomillashtiriladi.
Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer ajratishning quyidagi tartibi joriy etildi:
temir yo‘l liniyalari va avtomobil yo‘llari uchun viloyat hokimlari qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
elektr, aloqa liniyalari, gaz, neft, suv va kanalizatsiya quvurlari, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi tarkibidagi ichki yo‘llar va kichik suv havzalari uchun yer ajratish talab etilmaydi (texnik talablarda belgilangan hollar mustasno). Bular uchun servitut belgilanadi;
servitut huquqi kelishuv shaklida, kelishuvga erishilmaganda esa sud qarori bilan rasmiylashtirilishi mumkin;
servitut belgilangan yer uchun yer solig‘i (ijara to‘lovi) yer mulkdori, egasi, foydalanuvchisi va ijarachisi tomonidan to‘lanadi.
Qaror bilan Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tashkil etildi.
Ma’lumot o‘rnida, Yer Kodeksining 30-moddasiga ko‘ra, Servitut bir nechta maqsadlarda belgilanishi mumkin:
o‘zganing yer uchastkasi orqali piyoda yoki transportda o‘tish;
o‘zganing yer uchastkasida drenaj ishlari o‘tkazish;
o‘zganing yer uchastkasidan elektr uzatish, aloqa liniyalari va truboprovodlar, irrigatsiya, muhandislik va boshqa liniyalar hamda tarmoqlar o‘tkazish va ulardan foydalanish;
o‘zganing yer uchastkasidan ekinzor va mollarni sug‘orish uchun suv olish;
mollarni o‘zganing yer uchastkasi orqali haydab o‘tish;
o‘zganing yer uchastkasidan qidiruv, tadqiqot va boshqa ishlarni bajarish uchun vaqtincha foydalanish;
o‘zganing yer uchastkasida ihota daraxtlari ekish va tabiatni muhofaza qilishga taalluqli boshqa obyektlar barpo etish.