TOShKENT, 12 apr — Sputnik. 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab "Zakovat" intellektual o‘yini va boshqa intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoa a’zolari uchun yil davomida har oy "Zakovat stipendiyasi" beriladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar bermoqda.
"Zakovat stipendiyasi" intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida quyidagicha taqsimlanadi:
1-o‘rinni olgan o‘quvchi-yoshlar va talabalarga BHMning 5 baravari miqdorida (hozirda 1 350 000 so‘m);
2-o‘rinni olgan o‘quvchi-yoshlar va talabalarga BHMning 4 baravari miqdorida (hozirda 1 080 000 so‘m);
3-o‘rinni olgan o‘quvchi-yoshlar va talabalarga BHMning 3 baravari miqdorida (hozirda 810 000 so‘m) belgilanadi va yil davomida har oy to‘lab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident qarori bilan 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi yoshlar va talabalar uchun “Zakovat” stipendiyasini ta’sis etish belgilangan edi. Mamlakatda intellektual o‘yinlarni yanada rivojlantirish maqsadida Davlat budjetidan “Zakovat” intellektual klubi” tashkilotiga joriy yilda 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.