TOShKENT, 12-aprel — Sputnik. Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga jalb etilgan o‘qituvchi-pedagoglarning maxsus ustamalarini to‘liq to‘lab berish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu haqida Xalq ta’limi vazirligi xabar bermoqda.
Aytilishicha, hozirgi kunda ayrim joylarda o‘qituvchi-pedagoglarga belgilangan ustamalarni tayinlanishi turlicha talqin qilinib, ularni budjetga qaytarish ta’kidlanmoqda. Bu esa o‘z navbatida pedogoglarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
“Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida hududiy xalq ta’limi va moliya organlariga Xalq ta’limi va Moliya vazirliklarining ko‘rsatmasi bilan tegishli topshiriqlar berilib, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish so‘raldi”, deyiladi xabarda.
Hududiy xalq ta’limi va moliya organlaridan quyidagilarni nazoratga olish so‘ralgan:
2020-2021 va 2021-2022 o‘quv yili uchun o‘qituvchi-pedogoglarning amalda belgilangan maxsus usamalari to‘lab berilishini nazoratga olish;
2022-2023 o‘quv yilidan maktablarga o‘qituvchilarni jalb qilishni Vazirlar Mahkamasining 646-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga muvofiq amalga oshirish;
Pedogog xodimlarga belgilangan maxsus ustamalar bo‘yicha muammoli holatlar yuzaga kelganda hal etish yuzasidan hamkorlikda tezkor choralar ko‘rish.
Aytilishicha, prezidentning PQ-4940 sonli qaroriga muvofiq, o‘tgan yildan boshlab boshqa hududlardan jalb etilgan pedogoglarning bazaviy tarif stavkalariga bir ma’muriy-hududiy birliklar doirasida 50 foiz hamda boshqa ma’muriy-hududiy birlikdan jalb etilganda 100 foiz maxsus ustamalar to‘lab kelinmoqda.
Endilikda maktablarda dars berish uchun murojaat qilgan va saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchi-pedagoglar ro‘yxati 10-avgustga qadar e’lon qilinadi.