TOShKENT, 12 apr - Sputnik. Belorussiya va Rossiya tezda bo‘lajak Yevroosiyo makromintaqasining o‘zagiga aylanishi kerak, dedi Belarus Parlamentining xalqaro masalalar bo‘yicha komissiyasi raisi Andrey Savinix. RIA Novosti xabariga asosan.
"Men ushbu anjumanning barcha ishtirokchilarini Rossiya va Belarus ittifoqini tez orada bo‘lajak Yevroosiyo makromintaqasining o‘zagiga aylantirish kerakligi haqida o‘ylashga da’vat etaman. Ushbu o‘zakni tez va sifatli tashkil qilish - biz uchun juda muhim.
Eng muhimi - Rossiya va Belarus orasidagi munosabatlar davlatlararo munosabatlarning yangi etaloniga va jozibador shakliga aylanishi kerak. Teng huquqli va adolatli dunyoning qadrini bilgan boshqa davlatlar ham, barcha millatlar ravnaqi uchun ishlaydigan ushbu ittifoqqa a’zo bo‘lishga va u bilan hamkorlik qilishga intiladi", - dedi Andrey Savinix.
Mutaxassis aytishiga ko‘ra, ko‘p qutbli dunyo yaratish, bir necha davlatlarni birlashtirgan makrohududlar tashkil qilish ssenariysi orqali amalga oshiriladi. Bunday makrohududlar ushbu davlatlarning siyosiy, iqtisodiy va harbiy imkoniyatlarini mustahkamlash uchun xizmat qiladi.
"Hamma davlatlar ham to‘laqonli va faol makromintaqalarni shakllantira olmaydi yoki ularning bir qismi bo‘la olmaydi", deb hisoblaydi Savinix.
"Vaqt (tezlik) yangi farovonlik va yetakchilik markazlarining paydo bo‘lishi uchun hal qiluvchi omil bo‘ladi, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Tez sodir bo‘layotgan o‘zgarishlardan orqada qolgan makromintaqalar - sivilizatsiya chetida qolib ketishi mumkin. Rivojlangan makromintaqalar u yerdan insoniy va tabiiy resurslarni so‘rib oladi va u yerga o‘z muammolarini uarga tashlaydi”, - deya qo‘shimcha qildi ekspert.
Savinix aytishiga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirish sur’ati har qachongidan ham muhimroq, chunki "Rossiya va Belarus ishtirokida tashkil qilinayotgan yangi makromintaqa Yevropa Ittifoqi deyarli 70-yil ichida bosib o‘ta olmagan yo‘lni 5-yil ichida bosib o‘tishi zarur. Shubhasiz, yangi zamon ittifoq davlat rivojlanish strategiyasiga yangi talablar qo‘ymoqda. Bu esa mutlaqo yangi sifat o‘zgarishlarini talab qiladi”, - deya xulosa qildi ma’ruzachi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Amur viloyatidagi Blagoveshensk shahrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda prezidentlar G‘arb sanksiyalariga qarshi choralarni, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralardan so‘ng Belarus rahbari Primorsk o‘lkasi gubernatori Oleg Kojemako bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Uchrashuvda mintaqa bilan hamkorligini rivojlantirish hamda Belarus ichki bozoriga baliq yetkazib berish masalalari muhokama qilinadi.