Besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan ayollar tavsiyanoma asosida OTMga kirishi mumkin

Tavsiyanoma Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan bir marta beriladi va u 3-yil muddatga amal qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega, lekin oliy ma’lumoti yo‘q xotin-qizlar OTMlarga kontrakt asosida qabul qilinishi mumkin. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tegishli qaror loyihasini ishlab chiqdi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Hujjat bilan mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi belgilanmoqda va 1-maydan boshlab kuchga kirishi kutilmoqda.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib o‘rnatiladi:
alohida kvotalarni davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash tartibi;
mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish tartibi;
alohida test sinovlarini o‘tkazish tartibi.
Xotin-qizlarga tavsiyanomani Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bir marta beradi va u 3-yil muddatga amal qiladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yhatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron shaklda har yili 1-maydan 1-iyunga qadar murojaat qiladi.
Tavsiyanoma olgan abituriyentlar Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritilgan oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlangan umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlarida ishtirok etadi. Bunda umumiy tanlov (shuningdek davlat granti asosida imtiyozlar) doirasida to‘plagan bali bo‘yicha talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar orasida tanlov amalga oshiriladi.
Tegishli tavsiyanomasi bor xotin-qizlar har yili oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kirish uchun xujjatlarni topshirish muddatlarida o‘rnatilgan tartibda maxsus elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Mazkur tartib oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qaror loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 22-aprelga qadar davom etadi.