TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Pokiston parlamentida yangi bosh vazir nomzodiga ovoz berish bo‘lib o‘tdi. Bu lavozimga muxolifat partiyasidan bo‘lgan Shahboz Sharif saylandi, deb xabar bermoqda Pokistonning “Dawn” nashri.
Sharif nomzodini yoqlab deputatlarning 174 nafari ovoz bergan va bu saylanish uchun yetarli.
Ovoz berishda faqat muxolifat partiyalar qatnashgan, chunki bunga qadar hukumatdan chetlashtirilgan Imron Xon boshchiligidagi hukmron “Pokiston adolat partiyasi” deputatlari iste’foga chiqishga qaror qilishgandi.
Imron Xon bosh vazir lavozimidan bildirilgan ishonchsizlik votumi sabab chetlashtirildi. Shundan so‘ng uning tarafdorlari bunga norozilik bildirib, Pokistonga ko‘chalari bo‘ylab namoyishga chiqishdi.
Xonning o‘zi Pokiston muxolifati Vashington bilan til biriktirgan deb hisoblaydi. Ularga Imron Xon yuritayotgan tashqi siyosat xush kelmagan.
Shahboz Sharif uch marta Pokiston bosh vaziri lavozimini egallagan Navaz Sharifning ukasi. Shahboz Sharif o‘zi uch marta Pokistonning yirik viloyati Panjobning asosiy vaziri lavozimiga saylangan.