Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

Rossiya harbiylari Yevropadan Kiyevga olib kelingan S-300 divizion texnikasini yo‘q qilishdi

Rossiya Mudofaa vazirligi: “Kalibr” raketalari bilan Yevropadan Ukrainaga keltirilgan S-300 divizion texnikasi yakson qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Rossiya armiyasi “Kalibr” raketalari bilan Yevropadan Ukrainaga olib kelingan S-300 zenit raketa divizioni texnikasini yo‘q qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov ma’lum qildi.
S-300 zenit raketa divizioni texnikasi Dnepr chekkasidagi angarda yashirib qo‘yilgan bo‘lgan. Unga “Kalibr” raketalari bilan zarba berilgan.
“Jumladan, S-300ning to‘rtta ishga tushirish qurilmalari va 25 nafargacha Ukraina Qurolli kuchlarining shaxsiy tarkibi yo‘q qilindi”, - deyilgan xabarda.
Rossiya 24-fevral kuni Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Prezident Vladimir Putin ushbu operatsiyaning maqsadi "sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlangan va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish" deb atagan.
Buning uchun Ukrainani demilitarizatsiya (harbiy infratuzilmalarini yo‘q qilish) va denatsifikatsiya (millatchilik g‘oyalaridan tozalash) qilish talab etiladi.
Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, Qurolli Kuchlar faqat harbiy infratuzilma va Ukraina qo‘shinlariga zarba bermoqda. 25-martga kelib ular birinchi bosqichning asosiy vazifalarini bajarishdi - Ukrainaning jangovar salohiyatini sezilarli darajada kamaytirishdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi endi asosiy maqsad - Donbassni ozod qilish ekanini ta’kidlagan.