TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Samarqand viloyatining olis hududi — Qo‘shrabot tumanida to‘xtab turgan yurakda ochiq jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bunday operatsiya viloyatda ilk bor tuman miqyosida bajarildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filiali mutaxassislari boshchiligida bir hafta davomida tumanda tibbiy ko‘riklar tashkil etilgan.
“1200 nafar aholi vakili skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilib, ularning 300 nafarida turli yurak-qon tomir kasalliklari aniqlandi. 57 nafarida esa kardioxirurgik amaliyoti o‘tkazilishi rejalashtirildi. Xususan, tibbiy ko‘rik vaqtida shoshilinch kardioxirurgik amaliyotga muhtoj 5 nafar fuqaro tanlab olinib, ularning 3 nafarida mazkur operatsiya muvafaqqiyatli bajarildi”, - deyiladi xabarda.
Quvkalla mahallasida yashovchi Munisa Ahmedovaning qiziga ham yurak nuqsoni tashxisi qo‘yildi va bemor operatsiya qilindi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali bosh shifokori Maqsud Saidovning ma’lum qilishicha, tibbiy ko‘rikda yurak operatsiyasiga muhtoj deb topilgan 60 nafarga yaqin qo‘shrabotlik bemorning barchasi shu yerning o‘zida operatsiya qilinib, sog‘lomlashtiriladi.
Tuman shifokorlarining viloyat markazida malaka oshirishi yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusida bunday murakkab amaliyotlar mahalliy kardiojarrohlar tomonidan bajarilishi rejalashtirilgan.