O‘zbekiston futzal jamoasi muddatidan oldin Osiyo Kubogi-2022 yo‘llanmasiga ega chiqdi

Afg‘onistonni yirik hisobda mag‘lub etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh peshqadamiga aylandi.
Sputnik
TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi saralashi doirasida Afg‘onistonni mag‘lab etib, muddatidan oldin Osiyo Kubogi-2022 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Afg‘onistonga qarshi o‘yinda o‘zbekistonlik sportchilar 5:1 hisobida zafar quchishdi. Jamoa safida Ixtiyor Ropiyev dubl qayd etgan. Husniddin Nishonov, Davron Choriyev va Dilshod Rahmatov bittadan golga mualliflik qilishdi.
Bu g‘alaba orqali ochkolarini 6 taga yetkazib olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi muddatidan avval Osiyo Kubogi yo‘llanmasiga ega chiqdi va guruhda peshqadamlik qilmoqda.
O‘zbekiston guruh bosqichining dastlabki turida Nepal terma jamoasi ustidan ham 5:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. So‘ngi bahs ertaga Tojikistonga qarshi bo‘lib o‘tadi.