Farg‘onada noma’lum shaxs poyezdga tosh otib, 9 yoshli bolaning boshini yordi

Tosh poyezdning 6-vagonidagi oynani yorib o‘tib, 9 yoshli yo‘lovchini jarohatlagan.
Sputnik
TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Noma’lum shaxs Toshkent – Andijon yo‘nalishida harakatlanayotgan 62-sonli yo‘lovchi poyezdiga tosh otdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.
Voqea 10-aprel kuni soat 22:25 da “Oltiariq – Marg‘ilon” uchastkasining 244-kilometrida sodir bo‘lgan. Tosh poyezdning 6-vagonidagi oynani yorib o‘tgan va 9 yoshli yo‘lovchining bosh qismiga urilgan.

“Zarba bola qoshining ustki qismiga tegishi oqibatida qon ketishiga sabab bo‘lgan. Soat 22:32 da “Marg‘ilon” temiryo‘l vokzali feldsheri tomonidan zudlik bilan jabrlangan yo‘lovchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi”, - deyiladi xabarda.

Ushbu holat yuzasidan tegishli idoralar surishtiruv ishlarini olib borishmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 121-moddasida lokomotivlar, vagonlar, daryo va havo kemalari, shuningdek, hamma turdagi maxsus transportlarning oynalari va ichki jihozlariga shikast yetkazish eng kam oylik ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha jarima bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan.