TOShKENT, 11 apr — Sputnik. O‘zbekistonda Davlat korxonalariga asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan obyektlarni sotib olishi taqiqlandi. Bu prezident 8-aprel kuni imzolagan 101-sonli farmonda belgilab qo‘yilgan.
Farmonga ko‘ra, 2022-yil 1-iyuldan davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi a’zolarini rag‘batlantirish va ijro organi a’zolariga haq to‘lashda yagona rag‘batlantirish siyosati joriy etiladi.
Bunda, ijro organi a’zolariga ish haqi va yil bo‘yicha biryo‘la to‘lanadigan mukofotdan tashqari har qanday qo‘shimcha to‘lov bekor qilindi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarga prezident va Hukumat qarorlarida nazarda tutilmagan hollarda quyidagilar taqiqlanadi:
faoliyatiga xos bo‘lmagan yangi obyektlarni sotib olish yoki qurish;
raqobat rivojlangan sohada faoliyatidan tashqari qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanish;
faoliyatiga xos bo‘lmagan xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalida ishtirok etish yoki undagi ulushni sotib olish.
Davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘p bo‘lgan banklar tomonidan mulkni sotish, boshqa korxonaga investitsiya kiritish kelishuvlari majburiy tarzda korxonalar kuzatuv kengashi bilan kelishiladi.
Davlat korxonalarining homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerak.