Tadbirkorlikni cheklovchi ayrim harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi

Monopoliyaga qarshi organ talabiga ko‘ra, zarur hujjat va axborotlarni taqdim etmaganlik, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 10 apr — Sputnik. O‘zbekistonda 1-sentabrdan tadbirkorlikni cheklovchi ayrim harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi. u prezident 8-aprel kuni imzolagan 101-sonli farmonda belgilab qo‘yilgan.
1 sentabrdan boshlab quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan xomashyo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini (ko‘rsatilishini) noqonuniy cheklash;
litsenziyalash, ro‘yxatga olish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari, yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish;
monopoliyaga qarshi organ talabiga ko‘ra, zarur hujjat va axborotlarni taqdim etmaganlik, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etganlik.
Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasini kiritish vazifasi topshirilgan.