TOShKENT, 10 apr — Sputnik. O‘zbekistonda Suv akademiyasi tashkil etiladi. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.
Ichimlik va oqova suv xizmatlari sohasiga innovatsion texnologik yechimlar, ilmiy asoslangan zamonaviy yondoshuvlarni joriy etish va bu borada malakali kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona ilmlar markazi – Suv ta’minoti sohasida mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish Suv akademiyasi tashkil etiladi.
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati Suv akademiyasining muassisi hisoblanadi va faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Suv ta’minoti sohasini rivojlantirishga zarur bo‘lgan boshqaruv, ishlab chiqarish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha kadrlar, shu jumladan, o‘rta va o‘rta-maxsus professional ta’lim, oliy ta’lim hamda oliy ta’limdan keyingi ta’limda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish yangi akademiyaning asosiy vazifalaridan biri.