TOShKENT, 10 apr — Sputnik. Pokiston Milliy majlisi (parlamentning quyi palatasi) 10-aprelga o‘tar kecha bosh vazir Imron Xonga ishonchsizlik votumi bildirishni yoqlab ovoz berdi, deb xabar qilmoqda Geo TV telekanali.
Ma’lum qilinishicha, ishonchlik votumi bildirishni yoqlab parlamentning 324 nafar deputatidan 174 nafari ovoz bergan. Shu tariqa, Imron Xon bosh vazir lavozimini qo‘ldan boy bergan.
9 aprel kuni Milliy majlis spikeri Asad Kayser “bosh vazirni amaldan tushirish maqsadidagi chet el fitnasida” qatnasha olmasligini ma’lum qilib, iste’foga chiqqan edi.
Pokistondagi siyosiy inqiroz 3-aprel kuni boshlangan edi. O‘shanda muxolifat 2018-yilda hukumat tepasiga kelgan Imron Xonni mamlakatdagi iqtisodiy ahvolni yaxshilay olmaslikda hamda korrupsiyada ayblab, unga ishonchsizlik votumi bildirishga uringan edi.
Bosh vazir maslahati bilan Pokiston prezidenti Orif Alviy o‘tgan hafta Milliy majlisni tarqatib yuborgan edi va yangi saylovlar bo‘lib o‘tishi kerak edi.
Ammo Pokiston oliy sudi Milliy majlisni tarqatib yuborish qarorini Konstitutsiyaga zid deb topib, Xonga ishonchsizlik votum uchun ovoz berishni bekor qilgan edi. Sud parlament quyi palatasining ishini qayta tiklash va ovoz berishni 9-aprel kuni o‘tkazishni talab qilgan edi.