“O‘zbekiston temir yo‘llari” transformatsiya qilinadi

Shavkat Mirziyoyev 1-iyunga qadar "O‘zbekiston temir yo‘llari"ni transformatsiya qilish, rivojlantirish va xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqishni topshirdi.
Sputnik
TOShKENT, 10 apr — Sputnik. 1 iyunga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJni transformatsiya qilish, rivojlantirish va xususiylashtirish strategiyasi ishlab chiqiladi. Bu prezident 8-aprel kuni imzolagan 101-sonli farmonda belgilab qo‘yilgan.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi ishchi guruh 2022-yil 1-avgustga qadar "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJni transformatsiya qilish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini tayyorlaydi:
o‘zining yo‘lovchi va yuk vagonlariga ega xususiy operatorlar faoliyatini rivojlantirish hamda temir yo‘l transporti xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirishga qaratilgan shaffof va moslashuvchan tarif tizimini yaratish yo‘li bilan tarif siyosatini takomillashtirish;
temir yo‘l transporti korxonalarida operatsion va biznes jarayonlar samaradorligini oshirish, shu jumladan, xizmat ko‘rsatuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarni raqamli transformatsiya qilish yo‘li bilan integratsiyalash;
temir yo‘l orqali ichki va xalqaro yuk hamda yo‘lovchi tashuvlarini davlat-xususiy sheriklik yoki franshiza asosida xususiy sektorga berish.
“O‘zbekiston temir yo‘llari”ni transformatsiya qilishda Jahon banki jalb qilinadi.