Yil oxiriga qadar 4,5 million xorijiy sayyohlar kelishi kutilmoqda

O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlarning 23,4 foizi rossiyaliklar, 18,9 foizi qozog‘istonliklar, 14,4 foizi tojikistonliklar, 7,7 foizi esa turkiyaliklarga to‘g‘ri kelmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 8 apr — Sputnik. 2022 yil oxiriga kelib 4,5 million xorijiy sayyohlar O‘zbekistonga kirib kelishi kutilmoqda. Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.
“Ayni paytda O‘zbekiston chet el sayyohlari uchun to‘liq ochiq. Barcha cheklovlar olib tashlandi. O‘zbekistonda turizm sohasining jadal tiklanishida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda 2022-yil oxiriga kelib 4,5 million nafargacha xorijiy sayyohlar mamlakatimizga kirib kelishini ko‘rsatmoqda", - deyiladi xabarda.
2022 yilda O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlarning 23,4 foizi rossiyaliklar, 18,9 foizi qozog‘istonliklar, 14,4 foizi tojikistonliklar, 7,7 foizi esa turkiyaliklarga to‘g‘ri kelmoqda.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, O‘zbekistonda ichki sayyohlik ham jadal rivojlanmoqda. Xususan, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturining amalga oshirilishi natijasida ichki sayyohlarning umumiy soni 2016-yilda 8,8 milliondan 2021-yilga kelib 15 milliongacha oshgan.
Ichki va tashqi turizmning rivolanishiga turizm infratuzilmasining yaxshilanishi ham sabab bo‘lmoqda. Xususan, so‘nggi 4-yil ichida O‘zbekistonda 833 ta yangi mehmonxona foydalanishga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avval O‘zbekiston sayyohlik sanoati asosan MDH davlatlaridan kelgan dam oluvchilarga, xususan, Rossiya va Qozog‘iston sayohatchilariga e’tibor qaratayotgani haqida xabar bergan edi. Unda aytilganidek, O‘zbekiston Rossiyadan kelayotgan sayyohlar sonini oshirishni rejalashtirilmoqda.