XTV ta’lim darajasi past bo‘lgan maktablar ro‘yxatini tuzdi

Ta’lim darajasi past bo‘lgan maktablarga malakali pedagoglarni jalb etish orqali ta’lim sifatini oshirish choralari ko‘riladi.
Sputnik
TOShKENT, 8-aprel — Sputnik. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan bilim berish darajasi yuqori bo‘lmagan muassasalari ro‘yxati tuzildi, deydi inspeksiya matbuot kotibi Shavkat Xo‘jaqulov, Sputnik muxbiriga bergan xabarida.
Ushbu ro‘yxatga respublika bo‘yicha 852 ta maktab keltirilgan bo‘lib, ro‘yxatni tuzishda maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida to‘plagan o‘rtacha ballari, salohiyati past bo‘lgan pedagoglar inobatga olingan, - deyilgan xabarda.
Ta’lim darajasi past bo‘lgan maktablarga malakali pedagoglarni jalb etish orqali ta’lim sifatini oshirish choralari ko‘riladi.
Maktablar ro‘yxati bilan Xalq ta’limi vazirligining rasmiy veb-saytida tanishish mumkin. Ushbu maktablarda ishlamoqchi bo‘lgan pedagoglar 15-maydan boshlab elektron platforma orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin
Ma’lumot uchun, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz (bir ma’muriy birlik doirasida 50 foiz) maxsus ustamalar to‘lab beriladi. Joriy o‘quv yilida ana shunday maktablarga 500 nafarga yaqin pedagog jalb etilgan.