Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi - uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalar shaklida barpo etilgan: bino markazida ulkan gumbaz, to‘rt tomonida simmetrik peshtoqlar qurilgan.
Sputnik
TOShKENT, 8 apr - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qurilishi davom etayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Shavkat Mirziyoyev posetil Sentr islamskoy sivilizatsii.
Prezident u yerdagi ishlarni ko‘zdan kechirib, majmuani chiroyli va sifatli qilib qurish bilan birga mazmuniga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
- Bugun, muborak Ramazon oyida, juma kunida bu yerga kelishimiz bejiz emas. Bunday ulug‘ ayyom kunlarida qilingan niyatlar amalga oshadi. Oxirgi yillarda og‘ir-og‘ir sinovlardan o‘tdik. Lekin bu yerda ish to‘xtagani yo‘q. Nima uchun buni qurayapmiz? Xalqimizning dunyoqarashini, g‘ururini ko‘tarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari devorlardagi ravoqlarning bezak va yozuvlari namunalari bilan tanishdi. Darvozalar tepasiga tinchlik, ilm, odobga chorlovchi oyatlardan yozish maqsadga muvofiqligini aytdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi - uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalar shaklida barpo etilgan: bino markazida ulkan gumbaz, to‘rt tomonida simmetrik peshtoqlar qurilgan. Bugungi kunda pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qo‘lozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari joylashadi.
Ikkinchi qavat majmuaning asosiy ko‘rgazma maydoni bo‘ladi. Bu yerdagi Islom tarixi muzeyi 9 ta bo‘limdan tashkil topadi. Binoning markazida, 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida Islom olamining durdonasi hisoblangan Usmon mushafi qo‘yiladi. Bu zal atrofida yana 8 ta – “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo”, “Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi”, “Ta’lim”, “Ilm-fan”, “Me’morchilik va shaharsozlik”, “San’at va badiiy hunarmandchilik”, “An’analar” hamda “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” bo‘limlari joylashadi. Shuningdek, bu qavatda 550 kishiga mo‘ljallangan konferensiya zali bo‘ladi.
Uchinchi qavatda kutubxona, Islom akademiyasi ilmiy kafedralari va ma’muriy xonalar joylashadi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 15-iyun kuni Ramazon hayiti kuni Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. Ushbu majmua "ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha", bo‘lib uning qurilishi to‘rt yildan buyon davom etmoqda.
Sentr islamskoy sivilizatsii