TOShKENT, 8 apr - Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tadqiqotchilari COVID-19ning eng yuqumli varianti aniqlanganini e’lon qildi. Unga "XE" deb nom berildi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga asosan.
Yangi mutatsiya “omikron”ning subvarianti bo‘lib uning genomida ushbu shtammning ham BA.1, ham BA.2 versiyalari belgilari mavjud. Olimlar hisob-kitoblariga ko‘ra, "XE" ilgari ma’lum bo‘lgan mutatsiyalarga nisbatan 10 % tezroq tarqalmoqda.
Yangi mutatsiya ayni paytgacha u kamida to‘rt mamlakat — Buyuk Britaniya, Hindiston, Tailand va Yangi Zelandiyada qayd etildi.
Tadqiqotchilarning izohlashicha, virusning bunday variantlari “rekombinant” deb ataladi va ular bir organizm ichida ikki xil shtammning genetik kodlari tasodifan aralashuvidan paydo bo‘ladi.
Hozircha "XE" haqida yetarli tahlillar to‘plangani yo‘q. JSSTning ma’lum qilishicha, mazkur subvariant ilk bor yanvar oyi o‘rtalarida Buyuk Britaniyada aniqlangan. O‘shandan beri mamlakatda uning 600ga yaqin namunalari ustida o‘rganishlar olib borilyapti.