TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Ushbu yil oxiriga qadar Toshkent viloyatining har bir tumanida bittadan maktab "aqlli maktab" loyihasi bo‘yicha raqamlashtiriladi.
Bunday maktablarda ota-onalar farzandlarining dars jarayonlarini istalgan vaqtda IP adres orqali onlayn kuzatishi mumkin bo‘ladi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati hokimligi.
Shuningdek, viloyatdagi 37 ta umumta’lim maktabida Investitsiya dasturlari doirasida qurilish ta’mirlash ishlari olib boriladi. “Mazkur ishlar uchun jami 186,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Ya’ni, qo‘shimcha 6 ming 796 nafar o‘quvchi o‘rni yaratiladi”, deyiladi xabarda.
“Obod mahalla" va "Obod qishloq” dasturi doirasida 53, 4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi va 17 ta maktab mukammal ta’mirlanadi. 2022-2025 yillarda sport zali mavjud bo‘lmagan 187 ta maktablarda sport zali qurlari quriladi.
Ma’lumot o‘rnida, Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Farg‘ona shahridagi 10 ta maktabda sun’iy tafakkur imkoniyatlari asosida ishlaydigan "Aqlli maktab" dasturi joriy etilgan. Dastur maktab, o‘quvchi va ota-ona uchligini birlashtiradi hamda ta’lim sifati, samaradorligi, o‘qituvchilarning baholash tizimini shaffofligi va boshqa ko‘rsatkichlarni tahlil qilish imkonini yaratadi.