Moskva mashhur brendlar bilan qanday xayrlashmoqda

Hech kim yig‘lab, qayg‘urgani yo‘q, aksincha, ketayapsanmi “yaxshi bor” aniqrog‘i - "to‘rt tomoning qibla" deyishmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 7 apr – Sputnik. Ukrainada maxsus operatsiya boshlanganidan so‘ng G‘arbining deyarli barcha yirik kompaniyalari siyosiy bosim ostida Rossiyani tark etishni boshladi.
Mak Donalds, Ikea, British Petrolium, Shanel va yana yuzdan ortiq taniqli brendlar va kompaniyalar Rossiyada o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishini bildirishdi.
Xo‘sh rossiyaliklar bunga qanday munosabat bildirishmoqda?
Hech kim yig‘lab, qayg‘urgani yo‘q. Aksincha, ketayapsanmi – “yaxshi bor” aniqrog‘i "to‘rt tomoning qibla" deyishmoqda.
Shu o‘rinda xonanda Timati bir vaqtlar Fillip Kirkorovga nisbatan aytilgan hazilomuz “Davay dosvidaniya” qo‘shig‘i juda o‘rinli foydalanilmoqda.
Moskva markazidagi eng mashhur ko‘chalardan biri Arbat sayilgoh ko‘chasida joylashgan Lui Vutton brendi magazini oldidagi ulkan jomadonda “Davay do svidaniya” yozuvi paydo bo‘ldi. Moskvaliklarga bu ma’qul kelgan shekilli, ko‘pchillik uning oldida turib suratga tushmoqda. Ularning kayfiyati chog‘ ekani ko‘rinib turibdi.
Aytish joizki so‘nggi vaqtlarda Rossiyada "Davay do svidaniya" so‘zlari o‘ziga xos fleshmobga aylandi. Hatto mashhurlar orasida ham brendlar bilan xayrlashish aksiyasi bo‘lib o‘tmoqda. “Hech qanday buyum vatanga muhabbatning o‘rnini bosa olmaydi”, degan shior bilan qimmatbaho brend sumkalarni qaychi bilan qiymalab tashashganini ko‘rish mumkin.
Bir oy oldin Moskvada juda ommabop bo‘lgan MakDonalds restoranlari yopilganida ham ularning peshtoqida “Davay dosvidaniya” yozuvlari paydo bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina hududida maxsus operatsiya boshlanganidan so‘ng AQSh va G‘arb davlatlari Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar kiritshni boshladi.
Birinchi navbatda, Ular Rossiya Markaziy bankining xorijda saqlanayotgan dollar va yevroda zahiralarini muzlatib qo‘yishdi. Shundan so‘ng barcha G‘arb korxonalari, brendlariga Rossiyani tark etish va Rossiya bilan ishlash ta’qiqlandi.