TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Rossiya Liberal-demokratik partiyasi yetakchisi (RLDP) Vladimir Jirinovskiy 75 yoshida vafot etdi. Bu haqda Davlat dumasi raisi Vacheslav Volodin o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
"Og‘ir va uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng Vladimir Volfovich Jirinovskiy olamdan o‘tdi... Barchamiz uchun bu qaytarib bo‘lmaydigan yo‘qotish. Uning yorqin xotirasi qalbimizda abadiy qolsin", — deyiladi xabarda.
Volodin Davlat dumasi yig‘ilishida ham Liberal-demokratik partiya yetakchisining vafoti haqida ma’lum qilib, bir daqiqalik sukut e’lon qildi.
Vladimir Jirinovskiy 2-fevral kuni koronavirus bilan shifoxonaga yotqizilgan edi.
Jirinovskiy 1946-yil 25-aprelda Qozog‘iston SSR (hozirgi Qozog‘iston Respublikasi) Olmaota shahrida tug‘ilgan. 1970-yilda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti qoshidagi Sharq tillari institutining tarix va filologiya fakultetini "Turkiya va turk tili" mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 1977-yilda Moskva davlat universitetining yuridik fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan.
Davlat siyosatiga 1988-yildan boshlab kirib kelgan. U "Demokratik ittifoq" Markaziy muvofiqlashtiruvchi kengashiga saylangan. Jirinovskiy olti marta Rossiya prezidentligiga nomzodini qo‘ygan.