TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Maktablarda namunali o‘quvchining ota-onasiga minnatdorchilik xati va sovg‘alar topshirib borish tizimli yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Yig‘ilishda namunali o‘quvchining ota-onasiga minnatdorchilik xati va sovg‘alar topshirib borishni tizimli yo‘lga qo‘yish kerakligi, har chorakda eng namunali ota-onalarni rag‘batlantirib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish muhimligi ta’kidlandi.
Viloyat hokimlariga yuqori koeffitsiyentli 120 ta maktabda o‘qish sharoitini yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.
Ular 1-avgustga qadar 960 ta maktabni kompyuter sinfi bilan ta’minlash, 740 tasini jihozlash ishlarini yakunlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, 5,5 mingta kompyuter sinflarini yangilash bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.
Bunga respublika budjetidan 200 milliard so‘m, mahalliy budjetlardan ham 200 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, mutasaddilarga maktablar uchun alohida imtiyozli tariflarni tasdiqlash topshirildi. Unga ko‘ra, yangi o‘quv yilidan boshlab kichik maktablarda internet tezligini sekundiga 40 Megabit, katta maktablarda esa kamida 100 Megabit bo‘lishi ta’minlanadi.