Buxoroda Yandex Go xizmati ishga tushdi

Bu Yandex Go paydo bo‘lgan O‘zbekistondagi yettinchi shahar.
Sputnik
TOShKENT, 6 apr — Sputnik. 6-aprel kuni Buxoroda Yandex Go xizmati ishga tushdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Safar xizmati 2500 so‘mdan boshlanadi. Masalan, aeroportdan “Buxoro Arena” stadioniga yetib borish 6300 so‘m, “Asia Bukhara” mehmonxonasidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi bog‘gacha — taxminan 5300 so‘mga teng.
Bu Yandex Go paydo bo‘lgan O‘zbekistondagi yettinchi shahar. Buxoroliklar endi qo‘ng‘iroqlar va mashina qayerga kelishi kerakligini tushuntirishga behuda vaqtni sarflamaydi. Sozlamalarda joylashuv yoqilsa bas, xizmatning o‘zi yetib kelish manzilini aniqlaydi.
Shuningdek, ilovada barcha kerakli ma’lumotlar ko‘rsatiladi, masalan, qaysi rusumdagi mashina keladi, qayerdan o‘tapti, qachon yetib keladi va qachon chiqsa bo‘ladi. Ilovada dam olish va bayram kunlarisiz ishlaydigan qo‘llab-quvvatlash xizmati ham bor.
Foydalanuvchilar mashinaga buyurtma berish paytida safarning aniq narxini ilovada ko‘radi. Haydovchi yo‘l ta’mirlash ishlari tufayli yo‘nalishni o‘zgartirsa ham narx o‘zgarmaydi. Safar uchun naqd pul to‘lanadi.
Yandex Go o‘z texnologiyalaridan foydalanadi: xaritalar, yo‘nalishni belgilash xizmati, navigatsiya, buyurtmalarni taqsimlash aqlli tizimi.
Yandex Go O‘zbekistonda 2018-yil aprelidan buyon faoliyat yuritib keladi. Buxorodan tashqari, xizmat Toshkent, Farg‘ona, Marg‘ilon, Namangan, Andijan va Samarqand shaharlarida ishga tushgan.