O‘zbekistonda dinlarni birlashtiruvchi “Bag‘rikenglik bog‘i” tashkil etildi

O‘zbekistonda jami 2 330 ta islomiy, nasroniy, yahudiy va diniy tashkilot adliya idoralari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Sputnik
TOShKENT, 5 apr - Sputnik. O‘zbekistonda “Bag‘rikenglik bog‘i” tashkil etildi, deb xabar qildi AOKAda o‘tkazilgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov.
Bugun, 5-aprel kuni Yangi O‘zbekiston bog‘ida respublikamizdagi 16 ta diniy konfessiya vakillari ishtirokida “Bag‘rikenglik bog‘i” tashkil etildi, - deyilgan xabarda.
Anjumanda ma’lum qilinishiga ko‘ra, ushbu bog‘ni tashkil qilishdan maqsad, nafaqat diniy bag‘rikenglik mavzusini targ‘ib qilish, undan tashqari atrof-muhitni himoya qilish, pokiza saqlashda hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global muammolar va fojialar qarshisida insoniyatning ojiz ekanini yana bir bor ta’kidlash va tabiat ne’matlariga shukr qilib uni asrab-avaylashga turtki beradi.
Anjumanda shuningdek, O‘zbekistonda turli din vakillari tinch totuv yashab kelayotgani ham ta’kidlab o‘tildi. Ma’lum bo‘lishicha bugungi kunda respublikada jami 2 330 ta diniy tashkilot adliya idoralari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Ulardan 2 139 tasi islomiy, 174 tasi nasroniy, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari ekan. Shuningdek 1 ta krishnani anglash jamiyati, 1 ta buddaviylar ibodatxonasi va 1 ta O‘zbekiston Bibliya jamiyati ro‘yxatdan o‘tgan.