Samarqandda turistik anjuman bo‘lib o‘tdi

Tadbirning maqsadi - "O‘zbekiston" nomli turistik mahsulot haqida ma’lumot berish hamda mamlakatni xorijiy sayyohlar uchun ochish.
Sputnik
TOShKENT, 4 apr - Sputnik. Samarqandda “Discovering Uzbekistan” turistik anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Zarnews mahalliy axborot agentligi.
Turizm va madaniy meros, Tashqi ishlar va Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports” AJ hamda “Air Marakanda” aviakompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir Samarqand xalqaro aeroportining yangi ochilgan binosida bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro aviakompaniyalar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, diplomatik korpus, vazirlik va idoralar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston sayyohlik brendi va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari, turizm va madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i R.Qobilov Samarqandning turizm salohiyati va barpo etilayotgan turistik obyektlar haqida ma’lumot berdi.
Hokim o‘rinbosasri aytishiga ko‘ra, Samarqand viloyatida 1607 ta, Samarqand shahrida esa 483 ta madaniy-tarixiy meros obyektlari mavjud. Sayohlik infratuzilmasi esa 170 ta mehmonxona, 220 ta mehmon uyi hamda 200 ta turoperatorlardan iborat. Bundan tashqari, xorijiy va mahalliy sayyohlarga qulay sharoit yaratish maqsadida Samarqand turistik majmuasi, “Abadiy shahar” karvonsaroyi hamda tog‘ turizmi klasterini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.