TOShKENT, 4 apr - Sputnik. Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin 9-apreldan boshlab 52 ta mamlakatga parvozlar qayta tiklanishini e’lon qildi, RIA Novosti xabariga asosan.
Bosh vazir aytishiga ko‘ra, parvozlarni qayta tiklash to‘g‘risidagi hujjat 4-aprel dushanba kuni imzolangan.
"Kasallanish darajasi pastlamoqda, demak Rossiya aviakompaniyalari uchishiga ruxsat berilgan yo‘nalishlar ro‘yxatini kengaytirish vaqti keldi. Hozircha ular cheklovlarsiz 15ta yo‘nalishlarga parvoz qilishlari mumkin. <...> Bundan buyon esa biz yana 52ta mamlakat bilan aviaqatnovlarni qayta tiklaymiz. Ular orasida Argentina, Hindiston, Xitoy, JAR va boshqa bizlarga do‘st bo‘lgan davlatlar bor", — dedi bosh vazir.
Undan tashqari 9-apreldan boshlab Rossiya va Xitoyning quruqlik chegarasida koronavirus tufayli kiritilgan cheklovlar bekor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 27-martidan boshlab Rossiya deyarli barcha mamlakatlar bilan doimiy va charter parvozlarni cheklab qo‘ygan edi. Shundan so‘ng dastlab YeOII davlatlari va yana bir qator kasallanish darajasi xavfsiz deb topilgan mamlakatlar bilan parvozlar cheklangan miqdorda, bosqichma-bosqich tiklana boshladi.