TOShKENT, 4 apr — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda xorijdan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov imzosi tushirilgan xat tarqaldi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bu xat va undagi ma’lumotlar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qildi.
Tarqalgan xatda go‘yoki OTMlarda dars mashg‘ulotlarining boshlangani munosabati bilan qo‘shni respublikalarda tahsil olayotgan barcha talabalarga yozgi ko‘chirish davrida test-sinovlarsiz, to‘lovlarsiz soddalashtirilgan tartibda O‘zbekistonda o‘qishga ruxsat etilgani yozilgan.
“Hurmatli ijtimoiy tarmoq faollari! Har xil soxta axborotlarga ishonib qolmasliklaringizni yana bir bor so‘rab qolamiz va oliy ta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirishga doir har qanday xabarning haqiqiyligini avval vazirlikning telegramdagi @eduuz rasmiy kanali orqali tekshirib ko‘rishingizni tavsiya etamiz”, - deyilgan xabarda.
Vazirlik asossiz va yolg‘on axborotni tarqatganlik uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tgan.