TOShKENT, 4 apr – Sputnik. O‘zbekiston MDH davlatlari va Gruziya bilan hamkorlikda o‘z kinostudiyalari uyushmasini tashkil qilishmoqda. Uyushma doirasida ijodiy jamoalar birgalikda filmlar suratga olishadi va o‘zlarining ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashadilar.
"Mosfilm" kinokonserni bosh direktori Karen Shaxnazarov Sputnik muxbiriga Rossiya kino sohasida o‘zbekistonlik hamkasblari bilan o‘z tajribasini baham ko‘rishga tayyor ekanini ta’kidladi.
"Bizda yuqori toifali muhandis kadrlar mavjud, kino uchun zarur bo‘lgan juda ko‘p texnologik ma’lumotlar mavjud. Bularning barchasini sobiq Ittifoq respublikalari, jumladan, O‘zbekistondagi hamkasblar bilan ham bo‘lishishga tayyormiz", - dedi Shaxnazarov.
“MDH va Gruziya davlatlari kinostudiyalari xalqaro ijodiy uyushmasi”ning tashkil etilishi Dushanbeda kinematografiya sohasida hamkorlik bo‘yicha kinostudiyalar direktorlar kengashida ma’lum bo‘ldi. "Belarusfilm" bosh direktori Vladimir Karachevskiyning fikricha, O‘zbekiston xalqaro hamkorlikning ijobiy namunasidir.
Respublika kinematograflari Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston kinostudiyalari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. Joriy yilda bir qancha qo‘shma filmlar suratga olinadi. O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov Xalqaro kinostudiyalar ijodiy uyushmasi raisi bo‘ladi. Ma’lumki, yangi ijodiy uyushma umumiy universal filmlarning oltin kolleksiyasini shakllantiradi va ularni jahon tillariga dublyaj qilishga hissa qo‘shadi.