MB: 9-apreldan to‘lov hujjatlariga jismoniy shaxslar STIR o‘rniga JShShIR kiritishlari kerak

Bu to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirishga qo‘yiladigan talablarga doir normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirishlarda ko‘zda tutilgan.
Sputnik
TOShKENT, 4 apr — Sputnik. O‘zbekistonda 9-apreldan to‘lov hujjatlariga jismoniy shaxslar STIR o‘rniga JShShIRni kiritishlari kerak bo‘lgan tartib kuchga kiradi. Bu haqda Markaziy bank (MB) ogohlantirish bilan chiqdi.
Bu mijozlar banklarga taqdim etadigan to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirishga qo‘yiladigan talablarga doir normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirishlarda ko‘zda tutilgan. Ularni joriy yil 9-apreliga qadar bosqichma-bosqich, undan so‘ng to‘liq tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur o‘zgartirishlar amaliyotga joriy qilingandan keyin barcha to‘lov hujjatlarida to‘lovchi – jismoniy shaxslarning STIRi (soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami) o‘rniga, to‘lov hujjatining “to‘lovchining identifikatsiya raqami” deb nomlangan rekvizitida ularning JShShIRi (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami) ko‘rsatilishi majburiy hisoblanadi.
Shu munosabat bilan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar (shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar) to‘lovni amalga oshirish maqsadida to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirayotganda o‘zlarining JShShIRlari to‘g‘ri va to‘liq kiritishlari zarur.
MB barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar ham to‘lov talabnomalari va inkasso topshiriqnomalarini rasmiylashtirishda kontragentlar – jismoniy shaxslarning JShShIRlari to‘g‘ri kiritilayotganiga e’tiborli bo‘lishlarini so‘ragan.