“Dollar misli qora tuynuk”: yuan dunyo valyutasiga aylanadimi?

Rossiya, Xitoy, arab davlatlari neft savdosini mahalliy valyutalarga o‘tkazishni jidiy muhokama qilmoqda. Vashington siyosatidan norozi bo‘lgan Saudiya Arabistoni dollarni “qora tuynuk” deb ataydi.
Sputnik
Dmitriy Yermakov
G‘arb kompaniyalari Rossiya bozoridan chiqib ketmoqda, demak Xitoy bilan savdo-sotiq kengayadi. Bir qancha mahalliy banklar o‘z mijozlariga Xitoy valyutasida hisob raqami ochishni tavsiya qilmoqda. XXR iqtisodiyoti- dunyodagi eng yirik iqtisodiyotlardan. Yuan butun dunyo moliya tizimida dollarga raqobatchi bo‘la oladimi? Batafsil RIA-Novosti materialida.
Bir yuan – bir yo‘l
2019 yillarda Moskva va Pekin hisob-kitoblarida dollardan voz kechishga qaror qilgan edi. Ammo o‘sha paytda bu shunchaki muddao edi xolos: Xitoy banklari AQSh valyutasidan voz kechmadi. Shunga qaramay, ikki davlat elektron to‘lov tizimlarini bog‘lash yo‘lida ilk qadamlarni tashladi.
Hozir Xitoy Tashqi ishlar vazirligi yana Rossiya bilan savdoni rubl yoki yuanga o‘tkazish mavzusini ko‘tarmoqda. Gap faqat energiya manbalari haqida ketmoqda. Xitoy xuddi shunday strategiyani Janubi-Sharqiy Osiyo va arab davlatlarida ilgari surmoqda. Masalan, Vashington siyosatidan norozi bo‘lgan Saudiya Arabistoni dollarni “qora tuynuk” deb ataydi. Shu bois, Ar-Riyod va Pekin hisob-kitob valyutasini o‘zgartirishni allaqachon muhokama qilmoqda, deydi “Tayxe” tahliliy markazining katta ilmiy xodimi Van Szayban RIA Novosti agentligiga. Bu muzokaralar haqida The Wall Street Journal ham yozdi.
Rossiya va Belarus kredit tashkilotlari ham G‘arb valyutalaridan voz kechish haqida o‘ylamoqda. Xitoy hududida operatsiyalarni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega yagona Rossiya banki VTB “Alfa-Bank” bilan birgalikda rossiyaliklarga yuanda hisob va omonatlarni ochishni taklif qilmoqda. Mart oyida VTBning Xitoy valyutasi bilan operatsiyalar bo‘yicha aylanmasi 960 million rublni tashkil etdi. Bu fevral oyiga nisbatan 21 baravar yuqori.
Markaziy bank oxirgi yillarda oltin va Xitoy yuanining ulushini zaxiralarning deyarli yarmigacha oshirganini eslatib o‘tdi. Belarus valyuta-fond birjasi yuan bilan operatsiyalar boshlanganini e’lon qildi. Dastlabki savdo-sotiq ishlari allaqachon bo‘lib o‘tgan.
Beshinchi joy
Xitoy yuanni ilgari surish ambitsiyalarini o‘n yil oldin e’lon qilgan edi. Va qandaydir muvaffaqiyatlarga erishdi ham. Biroq, hatto xitoylik tahlilchilarning fikricha, G‘arbning sanksiyalari ham, Ukrainadagi maxsus operatsiyaning boshqa oqibatlari ham valyuta bozoridagi jahon tartibini o‘zgartirishga olib kelmaydi. Xitoy moliyaviy tuzilmalari tubdan isloh qilingan taqdirdagina “renmenbi”ga (“xalq puli” - Xitoy valyuta birligining rasmiy nomi) omad kulib boqadi, deb yozadi South China Morning Post nashri.
Okean ortidagi raqiblar esa Pekinning harakatlarini xavotir bilan kuzatmoqda. AQSh Federal zaxira tizimi raisi Jerom Pauellning aytishicha, Ukraina voqealari Xitoyning “moliyaviy trayektoriyasini o‘zgartirishi” mumkin. Avvalroq, rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Pekin jahon valyuta tizimidan izolyatsiyaga qarab ketayotgan edi. Hozir esa u vaziyatdan foydalanib, yuanni kengaytirishni boshlashi mumkin.
Bunday xavotirlar asosli. XVF ma’lumotlariga ko‘ra, jahon markaziy banklari 319 milliard dollarga teng yuanga ega. Jahon iqtisodiyoti sharoitida bu unchalik ko‘p emas: umumiy zaxiralarning taxminan 2,5%i degani. Taqqoslash uchun, uning yarmidan ko‘pi dollarda, 19 foizi yevroda saqlanadi. Shu bilan birga, renminbi dunyodagi beshinchi eng yirik zaxira valyutasi hisoblanadi.
Yuan XVF roziligini olgan 2016-yilda uning ulushi keskin oshdi. Xitoyning “Bir kamar – bir yo‘l” keng ko‘lamli infratuzilma loyihasi haqida unutmaslik lozim. Bunga parallel ravishda, dollarning zahira valyutasi sifatida hajmi pasayib bormoqda - 2007-yilda u deyarli 70% ni tashkil etdi.
Shu bilan birga, Bloomberg yil boshida ta’kidlaganidek, yuan xalqaro to‘lovlar bozorida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Taqqoslash uchun: valyuta 2010-yilda 35-o‘rinni egallagan edi.
Hozirda renminbi dunyoning taxminan 75 ta davlatida zaxira valyuta sifatida qo‘llanilmoqda, deydi Sigma Global Management investitsiyalar bo‘yicha direktori Vladislav Petlenko RIA Novosti agentligiga. Yuan allaqachon Xitoy, Avstraliya va Yaponiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilmoqda. Ya’ni, ekspertning ta’kidlashicha, har ikki davlat ham Xitoy bilan bitimlarda AQSh dollariga muhtoj emas.
Xuddi shunday fikrni Yaqin Sharq tahlilchilari ham qo‘llamoqda. Misrning Al-Ahram gazetasining Qatar amirining sobiq maslahatchisi Abd al-Moneym Sayyiddan iqtibos keltirishicha: “Rossiya Xitoyning dunyo ustidan nazorati uchun yo‘l ochadi”. Uning fikricha, aynan yuan yangi xalqaro valyutaga aylanadi, chunki XXR kuchli iqtisodiyotga ega va respublikada “ignadan tortib raketagacha” - hamma narsa ishlab chiqariladi.
G‘arbning siyosati faqat Rossiya Federatsiyasini Osiyo davlatlari bilan birinchi navbatda neft va gaz bilan savdo qilishga undaydi. Va bu faqat Xitoyga tegishli emas. Masalan, Hindiston va Rossiya milliy valyutalarda hisob-kitob mexanizmini yaratish masalasini muhokama qilmoqda, deb xabar beradi Mint gazetasi Hindiston hukumatidagi manbaga tayanib. Mahalliy eksportchilar to‘lovni dollar va yevroda emas, balki rupiyda olishlari mumkin bo‘ladi.
Dollar uchun xavf
Qanday bo‘lmasin, Rossiya va Xitoy hozirgi sharoitda tovar ayirboshlash hajmini oshiradi. Moskvada boshqa yo‘l yo‘q: AQSh va uning ittifoqchilari Rossiya valyuta zahiralarining yarmini muzlatdi, Markaziy bank bilan operatsiyalarni taqiqladi va bir nechta asosiy banklarning SWIFT tizimiga kirishiga to‘sqinlik qildi.
Xitoy - Rossiya valyuta zahiralarining eng yirik xorijiy egalaridan biri. U ularning 13,8 foiziga ega, bu 630 milliard dollarga teng. Bundan tashqari, Pekin Moskvaning asosiy savdo sherigi. O‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi bitimlar hajmi 148 milliard dollardan oshgan.
Biroq, ba’zi muhim masalalarda - masalan, samolyotlar uchun ehtiyot qismlar yetkazib berishda - Pekin hozircha kutib turish pozitsiyasida. Reuters agentligining yozishicha, Xitoy go‘yoki o‘zining to‘rtta yirik neft va gaz kompaniyasiga Rossiya loyihalaridagi ishtirokini kamaytirishni tavsiya qilgan. Ammo Xitoy Tashqi ishlar vazirligi buni rad etdi.
Shu bilan, Vashington Pekinni Moskvaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tgani uchun jazo bilan qo‘rqitishda davom etmoqda. AQSh Savdo vaziri Jina Raymondo xitoylik yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchilarni AQSh jihozlari va dasturiy ta’minotidan foydalanishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi.
Fevral oyida rasman ishga tushirilgan raqamli yuan sanksiyalarni chetlab o‘tish vositasi bo‘lishi mumkin. Boshqa elektron valyutalar singari, u sanksiyalangan tovarlar ro‘yxatiga muvofiqligi uchun ayrim bank tekshiruvlarini chetlab o‘tish imkonini beradi.
Raqamli renminbining ishga tushirilishi Vashingtonda xavotir uyg‘otdi: elektron dollar hamon ishlab chiqarilish jarayonida. AQSh Markaziy banki bunday sur’atda dollarning xalqaro hukmronligini susayishi mumkinligini aytdi. Bundan tashqari, yevro Amerika valyutasining izidan boradi. SWIFT ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yil dekabrida global to‘lovlarning 40,5% i dollarga, yevro esa 36,7 %ni tashkil qilgan.
“Xitoyning Tayvandan boshqa hududiy ekspansiyani rivojlantiradigan joyi yo‘q. Ammo iqtisodiy ekspansiya yo‘llari ochiq, - deydi xalqaro moliyaviy tahlilchi Andrey Plotnikov. Bundan tashqari, raqamli yuan chindan ham Rossiyaga ko‘plab iqtisodiy muammolarni hal qilishda va sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishi mumkin”.
Uzoq muddatli istiqbol
Yuanning xalqaro hisob-kitoblarda nisbatan mashhur emasligi Xitoy rasmiylarining valyuta kursini tartibga solish istagi bilan izohlanadi, deydi ekspertlar. “To‘liq konvertatsiya qilinmagan valyuta mamlakatga ichki bozordagi vaziyatni yaxshiroq nazorat qilish va tashqi boj va sanksiyalarga osongina moslashish imkoniyatini beradi. Boshqacha qilib aytganda, XXR kapitalning chiqib ketishini qat’iy nazorat qiladi”, - deydi “OOO Leybl Xoum Ink.” bosh direktori Ivan Belkin.
Biroq, rossiyaliklar uchun yuan istiqbolli valyutaga o‘xshaydi: Xitoy Rossiya banklarining SWIFT tizimidan uzilishiga qarshi chiqqan kam sonli davlatlardan biridir.
“Xitoyning Rossiya bilan tashqi savdosida yuanning mustahkamlanishi Xitoy qabul qilishga tayyor bo‘lgan qayta yo‘naltirilgan Rossiya xomashyo eksporti hajmiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, Xitoy metallurgiya sanoatida o‘z yirik ishlab chiqarishiga ega”, deya ta’kidlaydi Vladislav Petlenko. Xitoy Rossiyadan kam neft sotib oladi. Biroq, rossiyalik yetkazib beruvchilar narxlarni pasaytirsa, Pekin neft hajmini oshirishga rozi bo‘lishi mumkin”.
Ekspertlarning fikricha, rossiyaliklar bugungi kunda yuanni sotib olishlari kerak. “Uzoq muddatda bu tavakkal sarmoyadir, ammo tezkor spekulyatsiya va o‘rta muddatli sarmoyalar nafaqat tejash, balki mablag‘larni ko‘paytirishi mumkin”, - Ivan Belkin.
Vladislav Petrenkoning ta’kidlashicha ham, yuanni investitsiya portfelida saqlash hozirgi vaziyatda ko‘proq foydaliroqdir.
Biroq, Xitoy iqtisodiyoti yomon diversifikatsiyalashgan. “Yuan hamon xalqaro tez pulga aylana olish - likvidlikka ega emas. Pekin uchun uzoq vaqt davomida AQSh dollarida baholangan tovarlar eksportining katta hajmi tufayli arzon milliy valyutani saqlab qolish foydali edi”, - deydi Vladislav Petlenko- Shu munosabat bilan Xitoy Xalq banki yuanning AQSh dollari va boshqa taniqli jahon valyutalari bilan bog‘lanishi ustidan nazoratni yumshatishi kerak”.
Biroq bu sodir bo‘lmaguncha, Xitoy kompaniyalarining jahon bozoridagi roli ortib borishi yuanning qadrsizlanishiga olib keladi. Bu shuni anglatadiki, rossiyaliklar yuanni sotib olayotganda biroz pul yo‘qotish xavfi bor - hech bo‘lmaganda, qisqa muddatda. Xitoy valyutasining Rossiya bilan tashqi savdodagi roliga kelsak, bunda ko‘p narsa Pekinning G‘arbdan mustaqil o‘yin o‘ynash istagi va eng muhimi, qobiliyatiga bog‘liq.