TOShKENT, 3 apr — Sputnik. BAAda o‘tayotgan qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining ikkinchi kuni sportimiz uchun tarixiy sanaga aylandi.
Unda o‘zbekistonlik sablyachi Zuhriddin Qodirov g‘alaba qozonib, O‘zbekiston tarixida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan ilk qilichboz bo‘ldi.
O‘smirlar toifasida sablya qurolida bahs olib borgan Zuhriddin Qodirov Kanada, Misr, Vengriya, AQSh va finalda Germaniya vakillari ustidan g‘alaba qozongan va jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.
“Ta’kidlash kerak, bu mustaqil O‘zbekiston tarixiga Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan qilichbozlik yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatlaridagi birinchi oltin medal sifatida tarixga kirdi”, - deyilgan Sportni rivojlantirish vazirligi xabarida.
Kecha qizlar o‘rtasida sablya dasturida bahs olib Zaynab Dayibekova bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.